O'zbek olimlari birinchi marta mahalliy tish implantanti namunasini yaratdi

O'zbek olimlari birinchi marta mahalliy tish implantanti namunasini yaratdi

2081
0
Mamlakatimiz olimlari tomonidan mahalliy xom ashyo asosida tish implantantlarini qoplash uchun biologik jihatdan faol qatlam yaratildi.
Loyiha ustida Toshkent davlat stomatologiya instituti kichik ilmiy xodimi Farhodjon Usmonov ish olib borayapti. Asosiy tadqiqot va tajribalar yakunlandi. Faqatgina tish implantanti biofaol qoplamasi samaradorligini baholash, shuningdek, uni qo'llash uchun yaratilgan qurilmani takomillashtirish qoldi.
F. Usmonov mazkur taklifi bilan yosh olimlarning innovatsion ilmiy-texnik tanlovida g'olib ham bo'ldi. Farhodjon oliy o'quv yurtini tamomlagandan so'ng tibbiyot fanlari doktori, professor N.Xabilov rahbarligida izlanishlar olib borishni boshladi. Tajriba va yoshlik g'ayrati uyg'unlashuvi katta muvaffaqiyat keltirdi. Ya'ni ular O'zbekistonda yangi tuzilishdagi implantant yaratish bo'yicha loyihani ro'yobga chiqarish uchun grant yutib oldi. Bundan ko'zlangan maqsad qoplamani eksperiment-klinik tadqiqotlar asosida yasab keyinchalik ishlab chiqarishga tatbiq etish edi.
Bu boradagi birinchi namuna uchun O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan patent ham taqdim etildi. Eslatib o'tamiz, tish implantantlari dunyoda keng qo'llanilsa-da, sanoqli mamlakatlardagina ishlab chiqariladi va aynan ular ushbu mahsulot bozoriga o'z shartlarini o'tkaza oladi.
Axir bunday o'ta nozik va zarur vositani tayyorlash hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Olimlarimizning mazkur ishlanmasi hamyurtlarimizga ham ma'qul kelishi shubhasiz. Sababi endi sun'iy tish qo'ydirish arzonroqqa tushadi. Yana bir tomoni ushbu innovatsiya ishlab chiqarishga joriy etilsa ortiqcha chiqit chiqmaydi va foydalanilgan materialni qayta ishlash mumkin.
5 ta ovoz

Ovoz berish:
1 2 3 4 5

SHARE

Komment qoldirish